Image

152

26 Iyul , 2022

5 daqiqa o'qish

№ 8 Koreya Respublikasining Tegu shahridagi Kyunpuk universiteti doktoranti - Anvar Nasivaliyev bilan suhbat

Yetuklikka erishishimda bobomning hissasi beqiyos

- Bolalik paytimda juda shoʻx va harakatchan boʻlganman. Shu bilan birga oʻzimdan kattalarni hurmatini joyiga qoʻyardim. Yoshligimdan texnika, har-xil avtomobillar va elektro-texnikalarga qiziqishim boʻlganligi uchun doimo hamma bilan shu mavzularda suhbatlashgim kelardi. Er kishi rost soʻzlashi kerakligini, oʻz harakati bilan koʻp narsaga erisha olishini menga rahmatli bobom oʻrgatgan. Ha, aynan bobomni tarbiya va nasihatlari meni ancha oʻzgartirgan. Oʻrganganlarimdan shuni angladimki, farzandlarimizni har tomonlama yetuklikka erishishini xohlasak bobo-buvilari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishiga imkon yaratib berishimiz kerak ekan. Chunki kattalar biz nimanidir soʻrasak bemalol boshidan oxirigacha tushuntirib berishadi. Shuning uchun “Qarisi bor uyning parisi bor” deyishsa kerak. Ertalab maktabga borardim va darslarim tugashi bilan uyga kelib bir bahonalar qilib bobomni oldilariga borar edim. Dala yumushlariga yordam berardim va ular menga oʻzlarini hayotlaridan gapirib berar edi. Men bobomni eng ishongan nabiralari edim. Ularning bir ogʻiz gaplari hamma narsadan ustun edi. Bu nasihatlar hayot yoʻllarimda chinakam mayoq boʻlgan, hali hanuz ularning har bir gaplarini eslayman.

Korporativ huquq sohasida yangiliklarni yurtimizda qoʻllash aniq maqsadlarimdan biri

- 2004-2007-yillarda Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi kompyuter-texnologiyalari akademik litseyida tahsil olganman. 2009-2014-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro huquq fakultetida oʻqidim. 2014-2015-yillarda Latviya davlat universitetida xalqaro grant asosida tahsil olganman.

2016-2019 yillarda Koreya Respublikasining Tegu shahridagi Keimyung universitetida magistraturada tahsil olganman. 2020-yilda Koreyaning Kyungpuk milliy universitetining huquq maktabiga Korporativ huquq yoʻnalishi boʻyicha doktoranturaga qabul qilindim.

Hozirda dissertatsiya yozish jarayonidaman. Aynan korporativ huquqqa qiziqish va oʻrganish shu yerga kelib paydo boʻldi. Boisi, Koreya Respublikasi rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bu yerda sohaga oid bilim va koʻnikmalarimni yanada mustahkamlab, yaqin kelajakda yurtimizda qoʻllash aniq maqsadlarimdan biridir.

Xorijda yashash men uchun imkoniyat, sayohat, shaxsiy rivojlanishdir

- Xorijdagi hayot haqida oʻzimning tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, har bir rivojlanishni xohlagan inson albatta xorij hayotidan kam boʻlsa ham bahramand boʻlishi kerak. Qiyinchiliklardan boshlasam:

Doim Vatan va ota-ona sogʻinchi qiynaydi.
Chet-elda boʻsh vaqtingiz juda kam boʻladi. Fursat poylab turmaydi, tez oʻylash va qaror qabul qilishga undaydi. Oʻqish, yashash va oila masalalarini oʻrtasida muvozanatni tutib yashash kerak boʻladi. Afzalliklari esa xorijiy mamlakatda yashash odamni oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi, bu umr shunchaki oʻtkazish uchun emasligini anglatadi, juda koʻp xotiralarga ega boʻlasiz. Shuningdek, chinakam bilim va hayotiy tajriba beradi. Chet-elda yashashni va tahsil olishni qiyinchilik deb emas, aksincha imkoniyat, sayohat, shaxsiy rivojlanish va yangiliklar deb qarash kerak.

Hayotda dehqon boʻlishni ovchi boʻlishdan afzal bilaman

- Maqsadimga erishish uchun reja asosida harakatlanish, kichik-kichik yaxshi odatlarni koʻpaytirish va albatta maqsad sari harakatdan toʻxtatmayman. Hech qachon maqsaddan chekinmaslik va taslim boʻlmaslik oldinga qarab maqsad sari harakatlanish hayotiy shiorimdir. Hayotda dehqon boʻlishni ovchi boʻlishdan afzal bilaman. Ovchilar payt poylab, qachon oʻlja kelarkan deb kutib yashashadi va oʻlja kelgandagina ovga kirishadi. Dehqon esa erta bahordan harakat boshlab, yerni tayyorlab, daraxt va ekinlarni sugʻorib meva va hosilini yetishini kutadi. Albatta, hosil ham yetiladi, meva va hosilni yigʻib terib olib koʻngli xotirjam mehnatidan bahramad boʻladi. Hayotda ham dehqon kabi har narsaga oldindan tayyorlansak va aniq maqsad sari aniq oʻzimizga, maqsadimizga ishonib harakatlansak albatta yaxshi natijalarga erishamiz. Yaqin kelajak uchun doktoranturani tamomlab, ikki yil xorijda tajriba orttirib, Oʻzbekistonga qaytib borish. Oʻrgangan sohamni Oʻzbekistonda amaliyotga tadbiq etish va xalqimizni huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha oʻz hissamni qoʻshishdir.

#yosh_vatandoshlar #Anvar Nasivaliyev

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing