Image

141

10 Avgust , 2022

5 daqiqa o'qish

№ 9 Koreya Respublikasining Seul shahrida freelancer tarjimonlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan vatandoshimiz Feruza Buranova bilan tanishing

Aʼlochi oʻquvchi boʻlish uchun toʻkis yashash shart emas

- Bolaligim Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot shahrida oʻtgan. Oilada toʻrtta farzandning uchinchisi boʻlganman. Maktabda 5 sinfimdan boshlab taom tayyorlash, uy ishlarini qilishni oʻrganganman. Ovqatni shirin qilganligimdan dadam ovqatimni doim maqtab yer edi. Yoshligimizdan qiyinchilikda katta boʻlganmiz. Lekin shunday boʻlsa ham oilada hammamiz aʼlochi boʻlganmiz. Shuning uchun ham koʻp marotaba oʻzimdan kichiklarga takrorlayman, aʼlochi oʻquvchi boʻlish uchun hech qanday bahonalar qabul qilinmaydi, bunga sharoitning aloqasi yoʻq.
Hozirgi kunda, Koreya Respublikasining poytaxti Seul shahrida istiqomat qilaman

2010-yilda Koreya davlat granti (KGSP) orqali Koreyaga oʻqishga kelib, bakalavr bosqichini tamomlab, magistratura darajasini qoʻlga kiritganman. Dastlab, Woori bankida keyinchalik, Amerikaning mashhur MoneyGram international kompaniyasining Koreyadagi filialida, undan soʻng Hanwha Investment and Securities kompaniyasida marketing sohasida faoliyat yuritganman. Ayni vaqda esa freelancer tarjimonlik faoliyati bilan shugʻullanaman.

Xorijdagi hayot, qiyinchiliklar va afzalliklar haqida

Xorij hayoti men uchun qiyin boʻlmagan. Koreyaga kelgan paytlarim uyimdagilarga elektron pochtada hat yozganim hali ham esimda. Koreyaning tabiati va sharoitlari juda yoqqan edi. Chunki tabiatan qiziquvchan odamligim bois doim yangi narsalarni oʻrganishni yaxshi koʻraman. Bu yerda esa biror yangi bilimni oʻrganaman desangiz hamma sharoitlar bor. Internet tezligi va dars qiladigan joylar koʻpligi sababli xohlagancha bilim olishingiz mumkin. Oʻzbekistondagi oilamni, ota-otamni, mevalarni sogʻinishimni hisobga olmaganda Koreyada yashash qiyin emas men uchun. Ovqatlarni yozmadim, chunki Koreyada oʻzbek oshxonalari juda ham koʻp. Xohlagan paytimiz borib osh yeb kelishimiz mumkin. Xattoki tandirda pishirilgan non va somsalarni ham topish mumkin.

Insonning qobiliyatlarining chek-chegarasi yoʻq

Maqsadga erishish uchun doimiy harakat qilaman. Biron narsaga erishishni xohlasam unga erishish yoʻllarini koʻrib chiqib, amalga oshiraman. Hayotiy shiorim “Insonning qobiliyatlarining chek-chegarasi yoʻq”. Shuning uchun qoʻlimdan kelarmikan deb, oʻylanib oʻtirmasdan, bajarib koʻraman. Undan tashqari charchasam yoki zeriksam shartta boshqa davlatga yoki boshqa shaharga sayohatga ketib qolaman. Undan tashqari energiyam kamayib qolgan paytlari qayta energiya olish uchun kitob oʻqiyman. Aynan Paolo Kaleoning “Alkimyogar” kitobini qayta oʻqiyman koʻpincha. Shu kitobda qandaydir sehr bor men uchun. Hozirgacha 6-7-marta oʻqib chiqdim bu kitobni. Lekin har safar oʻqiganimda boshqacha kuch olaman. Ayniqsa qahramon yigitning yoʻlda qancha toʻsiqlarga duch kelishiga qaramasdan maqsadi yoʻli tinmasdan harakat qilishi menda katta taasurot qoldirgan.

Rejalarimni vaziyatga qarab oʻzgartiraman

Menda reja va maqsadlar doim oʻzgarib turadi. Biror maqsadni oldimga qoʻyib, unga erishganimdan keyin yana yangi maqsadni oldimga qoʻyaman. Hozirda maqsadim blogim (feruzablog.com)ni rivojlantirib, yanayam koʻproq maʼlumotlarni blogimda toʻplab, oʻzbeklarga foydali maʼlumotlarni bir joyda toʻplash. Oʻz sohamda professional boʻlish va yana yangi bilimlarni olib bilimlarimni «update» qilish. Hali borib koʻrmagan chet davlatlarim koʻp, iloji boricha hammasiga sayohat qilish. Sport bilan doimiy shugʻullanib, sogʻlom boʻlish. Oʻzbekistonda yosh avlodning savodxonligini oshirishga hissa qoʻshish.

#Feruza #Qo'ng'irot #alkimyogar

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing