Image

310

05 May , 2022

2 daqiqa o'qish

Amerika Qo‘shma Shtatlarida Ramazon hayiti keng nishonlandi

Mamlakatimizning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Amerikaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiyaning Florida shtatida istiqomat qiladigan vatandoshlarimiz bilan birgalikda Hayit namozini o‘qishi va Ramazon hayiti ayyomiga bag‘ishlangan ma’rosimlarda qatnashishi tashkil etildi.

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Orlandoda joylashgan Imom al-Buxoriy islom markaziga yig‘ilgan mehmonlarni Ramazon hayiti bilan samimiy qutlar ekan, Ramazon oyida o‘zbekistonlik imom-xatiblarning Amerika diyoriga qilgan tashrifi haqida atroflicha to‘xtaldi. Qayd etilganidek, safar davomida imom-xatiblar milliy diasporalar yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, mahalliy masjidlarda Islom dinining asl qadriyatlari to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qishgani barobarida yurtdoshlarimiz tashabbuslari bilan barpo etilgan masjid va Islom markazlarining tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Floridadagi O‘zbekistonliklar assotsiatsiyasi va Orlandodagi Imom al-Buxoriy islom markazi a’zolari va faol yurtdoshlarimizga o‘zbek tili, madaniyati va dinini saqlab qolish hamda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish yuzasidan ko‘rsatayotgan amaliy ko‘maklari uchun chuqur minnatdorlik izhor etildi.

Tadbir davom etar ekan, Imom al-Buhoriy islom markazida ko‘p sonli vatandoshlar bilan birgalikda Hayit namozi o‘qildi. So‘ngra O‘zbekistondan kelgan imom-xatiblarning Ramazon fazilatlari, dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi tamoyillari, farzand tarbiyasi, o‘zlikni yuqotmaslik va tarixiy Vatan atrofida birlashish kabi mavzulardagi va’zlari tinglandi.

Bayram dasturi doirasida Florida shtatida istiqomat qiladigan mamlakatimiz fuqarolari uchun elchixonaning konsullik bo‘limi xodimlari tomonidan sayyor qabul ham uyushtirildi. Unda fuqarolarga tegishli konsullik-huquqiy maslahatlar va xizmatlar ko‘rsatilgani holda konsullik hisobiga olish, pasport rasmiylashtirish, O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi berish, turli notarial harakatlar, fuqarolikdan chiqish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Elchixona xodimlari va vatandoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida esa O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijdagi vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan e’tiborga molik chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar siyosatini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, respublika iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, savdo, turizm, yoshlar bandligini ta’minlash sohalarida sheriklik aloqalarini kengaytirish bilan masalalar ham muhokama qilindi.

#AQSH #vatandoshlar_fondi

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing