Image

43

26 Iyun , 2022

2 daqiqa o'qish

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vatandoshlar O‘zbekistonda mintaqaviy IT-xabni shakllantirishga hissa qo‘shish niyatida

AQShda bo‘lib turgan O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Kaliforniyada istiqomat qiluvchi va Amerikaning Google, Amazon, Apple, Uber, CISCO, EY va boshqa shu kabi yirik kompaniyalarida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari respublikada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT-parkda axborot sohasini rivojlantirish, texnologiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida vatandosh mutaxassislar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil so‘zlab berdi. Shu nuqtai nazardan, hamyurtlarni AKT sohasidagi qo‘shma loyihalar, shuningdek, ta’lim dasturlarini amalga oshirishga jalb etish masalasi ko‘tarildi.

Uchrashuv ishtirokchilari davlatimiz tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ularni O‘zbekistonning nufuzini, jumladan, axborot texnologiyalari sohasida rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan yangi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, yurtdoshlar IT-park bilan har tomonlama aloqalarni davom ettirishga, O‘zbekiston IT-kompaniyalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga, shuningdek, O‘zbekistonni biznes va IT-jarayonlarni autsorsing qilish bo‘yicha raqobatbardosh mamlakat sifatida ommalashtirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda hamyurtlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar, shuningdek, Kremniy vodiysidagi o‘zbekistonlik mutaxassislar va talabalarning O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga qo‘shishi mumkin bo‘lgan hissasi bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Yurtdoshlarimiz nafaqat dasturchilar, balki o‘z faoliyatida AKTdan foydalanayotgan boshqa soha mutaxassislari uchun ham IT-park negizida axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik bo‘yicha kurs va treninglar tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish va Amerika kompaniyalarini Oʻzbekiston IT-bozoriga jalb qilish boʻyicha takliflar almashish maqsadida vatandoshlar bilan Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda IT-park vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish va O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mahalliy kompaniyalarning masofaviy ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

#AQSH #vatandoshlar_fond #vatandoshlar

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing