Image

38

11 Yanvar , 2023

3 daqiqa o'qish

Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasida oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

SEUL, 11-yanvar. /«Dunyo AA/. Kecha mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasining xodimlari Kyongido provinsiyasining Puchon shahrida joylashgan “Korea Electro Polishing” metallni qayta ishlash zavodida boʻlishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Amaliy safardan koʻzlangan maqsad mazkur zavodda “Ye-9” vizasi asosida ishlayotgan oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarini huquqiy himoya qilish, ularning mehnat va yashash sharoitlari bilan tanishish, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va natijalari bilan yurtdoshlarimizni xabardor qilish, shuningdek, turli huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha suhbatlar oʻtkazish bilan izohlanadi.

Safar chogʻida zavod direktori oʻrinbosari Pak Yong Seng bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbat davomida oʻzbekistonlik ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularni moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoyalash hamda tibbiy xizmatdan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Soʻngra oʻzbekistonlik muhojirlarning mehnat sharoitlari, texnik xavfsizlik meʼyorlariga rioya etilishi, turmush tarzining tashkil etilishi bilan bevosita tanishilgani barobarida ishchilarning yashash sharoitlari ham koʻzdan kechirildi.

Yurtdoshlar bilan uchrashuvda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakatimiz rahbariyatining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi siyosati, mehnat muhojirlari va ularning oila aʼzolariga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar, mehnat faoliyatini yanada yaxshilash borasida yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ham yurtdoshlarga muhim maʼlumotlar yetkazildi.

Uchrashuv savol-javoblarga boy boʻldi.


Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing