Image

94

09 Yanvar , 2023

3 daqiqa o'qish

Namangan viloyati hokimi mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazdi

TOSHKENT, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Samara va Yekaterinburg shaharlari hamda Krasnoyarsk, Amursk viloyatlarida ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan onlayn muloqot oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“OʻzA” maʼlumotiga koʻra, muloqot davomida xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz viloyat rahbariga oʻzlarini oʻylantirayotgan qator masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Masalan, Samara shahrida ham oʻqib, ham ishlayotgan Chortoq tumani Koroskon qishlogʻidan kelgan Ravshan Akromov olisda onasi bilan birga yashayotgani uchun ikkinchi semestrdagi tahsili uchun kontrakt toʻloviga qiynalib qolganligini aytib, amaliy yordam soʻradi. Temir yoʻl mutaxassisligi boʻyicha oʻqiyotgan 20 yoshli hamyurtimizga bir emas, ikki smestriga yetadigan shartnoma pulini viloyat byudjeti zaxirasi va “Yoshlar” jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilishi maʼlum qilindi.

Toʻraqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi Gulnoza Xalilova 20 yildan beri ijarama-ijara yashab keladi. Qolaversa, nogironligi bor farzandini davolash va uning jarrohlik amaliyoti sababli qarzga botgani uchun hozirgi paytda Novosibirsk shahrida ishlashga majbur boʻlmoqda. U viloyat rahbari bilan muloqotda uy-joy olishga va farzandining salomatligini mustahkamlash uchun amaliy koʻmakka muhtoj ekanligini aytdi.

– Uy-joysiz ayollarning ehtiyojlarini taʼminlash borasida “Namangan tajribasi”ni yoʻlga qoʻyganmiz, - dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. - Oʻtgan yil oxirida Yangi Namangan tumanida 120 ayolga bepul uy-joy berdik, bundan tashqari, Kosonsoy tumanida yotoqxonada yashayotgan 18 nafar, Namangan shahridagi sobiq pedagogiga kolleji yotoqxonasida istiqomat qilayotgan 51 ayolga hokimiyat hisobidan uy olib berildi. Joriy yilda ham har bir tumandan 10 nafardan ayolga uy olib beramiz. Sizni ham shu roʻyxatga qoʻshamiz. Bepul uy-joy bilan taʼminlaymiz. Dori-darmonga ham yordam beramiz.

Muloqot davomida uy-joy, subsidiya, tadbirkorlik, uylaridagi kommunal xizmatlar muammolari kabi har bir murojaatni belgilangan tartibda koʻrib chiqish va ijobiy hal qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Viloyat hokimi xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizning murojaatlari bilan tizimli ishlash uchun onlayn platforma yaratish taklifini ilgari surdi.

Muloqotga mehnat migrantlarining oila aʼzolari ham taklif qilinib, ular orasida ehtiyojmandlariga tikuv mashinasi, gaz plitasi va bir martalik moddiy yordam pullari taqdim qilindi.

#Sankt-Peterburg #Shavkat Abdurazzoqov #Krasnoyarsk

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing