Image

137

23 Yanvar , 2023

2 daqiqa o'qish

Oʻzbekiston diplomatlari Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida vatandoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi

SEUL, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyadagi oʻzbeklar uyushmasining Kvanju shahridagi ofisida ushbu shaharda taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar va vaqtincha mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir avvalida uyushma rahbarlari tashkilotning 2022-yildagi faoliyati haqidagi hisobotni ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etdi. Unda amalga oshirilgan ishlar, Janubiy Koreyaning tegishli tuzilmalari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorik hamda vatandoshlarning murojaatlari boʻyicha qilingan amaliy ishlar haqida maʼlumot berildi.

Soʻngra yigʻilganlar oʻzaro fikr almashdi va uyushma faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi. Xususan, mazkur tashkilot Koreya Respublikasida boʻlgan fuqarolarimiz uchun turli yoʻllar orqali muloqot qilish uchun qulay platforma tashkil qilish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, madaniy-gumanitar va iqtisodiy-savdo loyihalarni tashkil etish hamda amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, vatandoshlarga yordam va koʻmak koʻrsatish yoʻnalishida faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.

Davra suhbatida faol vatandoshlar, jumladan, ziyolilar, tadbirkorlar, turli korxona, tashkilot va shirkatlarning uyushma faoliyatidagi ishtirokini taʼminlash istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida, shuningdek, diplomatlar vatandoshlarga konsullik va huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar berib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

#Koreya Respublikasi #Janubiy Koreya #Kvanju shahri

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing