Image

35

08 Yanvar , 2023

3 daqiqa o'qish

Polshaning Vroslav shahrida vatandoshlarimiz tomonidan oʻzbek milliy taomlari restorani ochildi

VARSHAVA, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Polshaning Vroslav shahrida “Oʻzbekiston taomlari va Imran kebab” restorani ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri


Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Polshada tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan vatandoshimiz - Fayzulloh Egamberdiyev tomonidan restoranning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda Vroslav shahridagi yirik investor va importchi kompaniyalar, biznes doiralar, OAV vakilari va vatandoshlarimiz ishtirok etishdi.

Tadbir qatnashchilariga oʻzbek milliy oshxonasi anʼanalari taqdimoti oʻtkazildi. Taʼkidlash joizki, restoran dizayni oʻzbekcha uslubda ishlangan boʻlib, uning ichki qismi milliy naqshlar va xalq amaliy sanʼati buyumlari, oshxona jihozlari hamda boshqa aksessuarlar bilan bezatilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, Oʻzbekiston madaniyati va urf-odatlarini targʻib qilish, Polsha fuqarolarini mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi va meʼmoriy yodgorliklari bilan tanishtirish, mamlakatimizning xorijdagi ijobiy qiyofasini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil soʻzlab berildi.

Polsha tomonidan, oʻz navbatida, ushbu restoranning ochilishi ikki mamlakat oʻrtasida barcha sohalarda jadal surʼatlarda rivojlanayotgan doʻstona munosabatlar doirasidagi navbatdagi muhim voqea boʻlgani qayd etildi.

Restoranning ochilish marosimi uchun tayyorlangan oʻzbek milliy taomlar barchaga manzur boʻldi.

Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Polsha hududlarida oʻzbek milliy taomlari tamaddixonalari soni tobora ortib bormoqda. Mamlakatning yirik shaharlarda ochilgan oʻzbek restoranlariga talab ham juda yuqori. Ushbu omil tadbirkor vatandoshlarimizni bu yerda yangi yemakxonalarni ochishga undayotir.

#vatandoshlar_fond #Oʻzbekiston taomlari #restoran