Image

37

15 Noyabr , 2022

2 daqiqa o'qish

Rotterdamda vatandoshlar oʻrtasida mini-futbol musobaqasi boʻlib oʻtdi

Mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi tomonidan joriy yil 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Niderlandiyaning Rotterdam shahrida vatandoshlar oʻrtasida navbatdagi mini-futbol musobaqasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Unda Belgiya va Niderlandiyada istiqomat qiladigan, turli xususiy va xalqaro tashkilotlarda ishlayotgan hamyurtlarimiz, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Ushbu tadbir ochilishi chogʻida mamlakatimiz elchixonasi vakili davlatimiz bayrogʻi qabul qilinganligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan barcha vatandoshlarni qizgʻin tabriklar ekan, bayrogʻimiz gʻururimiz va faxrimiz timsoli, Vatanimizning beqiyos ramzi ekanligini, har bir oʻzbekistonlik qalbida unga nisbatan cheksiz hurmat va muhabbat mujassam ekanligini qayd etdi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatanimiz atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish – Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shundan soʻng mini-futbol turniriga start berildi. Musobaqa qatnashchilari Belgiya va Niderlandiyaning turli shaharlaridan kelgan vatandoshlardan iborat guruhlarga boʻlingan holda bellashdilar. Oʻyin jarayonlari hayajon muhitida va doʻstona ruhda kechdi.

Ishtirokchilar bunday tadbirlarning muntazam ravishda tashkil etilayotgani xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun katta eʼtibor ekanligi, hamyurtlarning bir-biri bilan yaqin muloqot oʻrnatishlarida koʻprik vazifasini bajarayotganini taʼkidlashdi. Navbatdagi mini-futbol musobaqasini noyabr oyida Belgiyaning Bryussel shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.


Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing