Image

32

13 May , 2022

2 daqiqa o'qish

Seulda “Yangi O‘zbekiston yoshlari va Uchinchi Renessans” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida Janubiy Koreyada tahsil olayotgan talaba yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari va Uchinchi Renessans” mavzusida onlayn shakldagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Davra suhbatida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat-ma’rifatni rivojlantirish, yoshlarning bilim olishi uchun barcha sharoit yaratish, ularning ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilinayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, har qanday Renessansning muhim asosini ma’naviy-ma’rifiy uyg‘onish tashkil etadi. Masalan O‘zbekiston tarixining birinchi Renessans davri IX–XII asrlarga to‘g‘ri kelib, ushbu davrda buyuk ajdodlarimizning yaratgan ilmiy-falsafiy asarlari va olamshumul kashfiyotlari islom sivilizatsiyasiga tamal toshi bo‘ldi. Bu davrda Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Zamaxshariy kabi mutafakkirlar, imom Buxoriy, imom Termiziy kabi buyuk muhaddislar yashab ijod etgan. Ularning izlanishlari, kashfiyot va beqiyos g‘oyalaridan butun dunyo bahramand bo‘ldi. Bugungi kunga qadar ham ularning o‘lmas merosidan foydalanib kelinmoqda.

Ikkinchi Renessans - Amir Temur va Temuriylar davriga to‘g‘ri kelib, nafaqat Movaraunnahr, balki butun Markaziy Osiyo o‘lkalari o‘z taraqqiyotining yangi pog‘onasiga ko‘tariladi. Bu davrda davlatchilik asoslari takomillashib, shaharsozlik va me’morchilik avj oldi, xalqaro savdo va diplomatik aloqalar jadallashdi. Shuningdek, bu davrda fan, madaniyat va san’at sohalarining rivojlanishi hamda tafakkur doirasining yuksalishi namoyon bo‘ldi.

Bugun O‘zbekistonda Preziden Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani, undan ko‘zlanayotgan eng katta maqsad tarixan mavjud buyuk salohiyatni qayta uyg‘otishdan iboratligi ta’kidlandi.

Ishtirokchilar Uchinchi Renessansni barpo etish uchun mamlakatning har bir vakili xoh yosh bo‘lsin, xoh katta barcha barobar harakat qilmog‘i lozimligini qayd etib, bu borada Janubiy Koreyada tahsil olayotgan yoshlar ham bu yerda olgan bilim va tajribalari bilan o‘z hissasini qo‘shishga va’da berdi.

O‘zbekistonlik yoshlar bilan istiqbolda ham bu kabi tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.

#vatandoshlar_fondi #Janubiy_Koreya

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing