Image

48

26 Aprel , 2022

2 daqiqa o'qish

Shoir Muhammad Yusuf tavallud topgan kun Amerika Qo‘shma Shtatlarida keng nishonlandi

Floridadagi vantandoshlarimiz O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun munosabati bilan Florida xalqaro universiteti o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida fleshmob tashkil etdi.

O‘zbekiston elchixonasidan olingan ma’lumotda qayd etilishicha, mazkur universitetda tahsil olayotgan yurtdoshimiz Svetlana Qurbonova universitet professor-o‘qituvchilari, kursdoshlarini shoir hayoti va ijodi bilan tanishtirdi.

Dunyoning turli burchaklaridan vakillar ishtirok etgan ushbu fleshmobda Florida xalqaro universitetining dinshunoslik fakulteti ilmiy xodimi Karlos Grene, taklif etilgan ma’ruzachi Chinten Kishor, tilshunoslik fakulteti aspiranti Debbi Xyu, xalqaro tadqiqotlar fakulteti aspiranti Chirin Yamut, Fulbrayt dasturi stipendiantlari Ana Ramsha, Uillyam Xyun, Danax Faraj, Sheyn Roberts, Lorela Shexu, shuningdek, yurtdoshlarimiz Svetlana Qurbonova, Og‘abek Qurbonov, Komila Xolmatova, Abrorbek Saidov va Shohjahon Bahromov Muhammad Yusuf she’rlarini o‘qib berdi. Loyiha ingliz tilidagi subtitrlar bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, universitetning o‘qituvchi va talabalari shoir ijodi, uning «Toshkent oqshomi» gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Oliy Majlisidagi ish faoliyati bilan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, Floridadagi vatandoshlar Amerika jamoatchiligini milliy bayramlarimiz, shuningdek, taniqli o‘zbek shoirlari ijodi va asarlari bilan tanishtirishga katta qiziqish bildirmoqda.

Ushbu loyihadan avval Svetlana Qurbonova Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Oripov tavallud kunlari sharafiga ham she’riy fleshmoblar o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, Florida xalqaro universiteti (FXU) Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi arxitektura, biznes va mehmonxonalarni boshqarish, muhandislik, huquq, tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. 1965 yilda tashkil etilgan ushbu universitet tarkibida 23 ta kollej va oliy maktab mavjud.

Florida xalqaro universiteti shtatdagi ikkinchi yirik universitet bo‘lib, AQSHning to‘rtinchi yirik oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Ushbu universitetda dunyoning 55 mamlakatidan 140 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.

#AQSH #vatandoshlar_fondi

Agar siz ham bizning loyihalarimizda ishtirok etishni istasangiz shu yerga bosing